Yoshlar sport maydonida bellashdi
2026-06-16 11:14:00 / Yangiliklar

Dam olish kunlari Transport nazorati inspeksiyasining yosh xodimlari uchun har qachongidan-da samarali va quvonchli onlarga boy o‘tdi. Dastlab, yosh xodimlar turli mavzularda seminar -treninglarda qatnashgan bo‘lishsa, navbatdagi kun “Zakovat” intellektual o‘yinlari va sportdagi mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan musobaqalar futbol, voleybol, stol tennisi, armrestling, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkazildi. Bahslarda inspeksiyaning markaziy apparati hamda hududiy bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar faol ishtirok etdi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zlarining sport mahorati, chaqqonligi, mantiqiy fikrlashi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Musobaqalar ko‘tarinki ruhda va murosasiz kurashlar ostida o‘tib, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Mazkur sport tadbiri yosh xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan navbatdagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.









