Inspeksiya yoshlari uchun dolzarb mavzularda seminar-treninglar o‘tkazildi
2026-06-15 14:52:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasida faoliyat yuritayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun Shafran yoshlar oromgohida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, jamoada hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik muhitini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, intellektual tanlovlar va madaniy dasturlar tashkil etildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shu bilan birga, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning huquqiy madaniyati hamda kasbiy mas’uliyatini mustahkamlash maqsadida “Davlat yoshlar siyosatining mazmun-mohiyati”, “Korrupsiyaviy xavflarning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va xizmat etikasi” kabi mavzularida seminar-treninglar o‘tkazildi.
Seminarlar davomida ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi, amaliy misollar asosida fikr almashilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.






