Transport sohasida qonunchilikka rioya etish va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-09 15:29:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasi markaziy apparati va hududiy bo‘limlari xodimlari hamda DXX xodimlari ishtirokida ochiq davra suhbati tashkil etildi.
Dastlab, Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i O‘.Ochilov tomonidan tizimda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirish, xodimlar o‘rtasida halollik va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan profilaktik tadbirlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida transport sohasida qonunchilik talablariga rioya etish, xizmat faoliyatida mas’uliyat va intizomni kuchaytirish, korrupsiyaning oldini olish va tashishlar xavfsizligini ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan amaldagi qonunchilikdagi talablar, xizmat faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan xavf va tahdidlarning oldini olish, xodimlarning huquqiy madaniyati hamda kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bunday seminarlar xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, transport sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda tizim faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.




