O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi va Germaniyaning Ko'ln laboratoriyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-09-23 17:15:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining “Maʼmuriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, agentlik antidoping sohasini rivojlantirish yo‘lida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Sport vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh Germaniyada xizmat safarida antidoping qonunchiligi va amaliy tajriba bilan tanishib, o‘zaro fikr almashuv va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muhim muloqotlar amalga oshirilgan edi.
Ushbu tashriflar natijasi o‘laroq, 2025-yil 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi hamda Germaniya sport universiteti huzuridagi Bioximiya instituti (Ko'ln) va WADA tomonidan akkreditatsiyalangan Ko'ln laboratoriyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uch tomonlama memorandum imzolandi.
Memorandumning asosiy maqsadi — sportda halollikni rag‘batlantirish, umumiy strategik maqsadlar asosida antidoping dasturini ishlab chiqish, hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajriba almashishdir. Shuningdek, hamkorlik doirasida sportchilarning biologik pasportlari bilan ishlash va biologik pasport profilini baholash orqali maqsadli doping nazoratini amalga oshirish sohalarida mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, Ko'ln laboratoriyasi WADA tomonidan birinchilar qatorida akkreditatsiyalangan hamda uzoq muddat davomida faoliyat olib borayotgan ilmiy va innovatsion laboratoriya hisoblanadi.
Bu hamkorlik mamlakatimizda toza va adolatli sport muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.




