Sportda diskvalifikatsiya nima, u qanday hollarda va kimlarga nisbatan qo‘llaniladi?
2025-06-12 11:00:00 / Yangiliklar

Diskvalifikatsiya - sportchi, murabbiylar va masʼul shaxslarga nisbatan musobaqa davrida va musobaqadan tashqari holatda antidoping qoidalarini buzganligi uchun qo‘llanilib, erishilgan natijalari, egallagan o‘rni va boshqa unvonlaridan mahrum qilishdir.
Diskvalifikatsiya shartli bo‘lishi mumkin. Diskvalifikatsiya haqidagi qaror Milliy va Xalqaro antidoping agentliklari, sport klublari, jamiyatlari, milliy va xalqaro federatsiyalar va sport qo‘mitalari tomonidan qabul qilinadi.
Diskvalifikatsiya davrida sportchi yoki boshqa shaxslarga quyidagilar man etiladi:
sport musobaqalarida yoki boshqa tadbirlarda har qanday imkoniyatda ishtirok etish;
professional liga, xalqaro yoki milliy tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan sport musobaqalarida qatnashish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan moliyalashtiriladigan sport turlari bo‘yicha milliy darajadagi har qanday sport tadbirlarida qatnashish taqiqlanadi.
Diskvalifikatsiya qilingan sportchilar doping-testdan o‘tishadimi?
Diskvalifikatsiya davrida doping-test ro‘yxatida bo‘lgan sportchilar, ro‘yxatdan chiqarilganligi to‘g‘risida xabardor qilinmaguncha ADAMS tizimida qayerdaligini ko‘rsatishlari shart. O‘zMADA diskvalifikatsiya vaqtida test-ro‘yxatida bo‘lmagan sportchilarni test ro‘yxatiga kiritishi mumkin.
Diskvalifikatsiya davridagi qoidabuzarlik
Agar sportchi yoki boshqa shaxs yuqorida ko‘rsatilgan diskvalifikatsiya shartlarini buzsa, musobaqada ishtirok etish natijalari bekor qilinadi va birinchi diskvalifikatsiya davrining oxirida asl davriga teng ravishda yangi diskvalifikatsiya davri qo‘shiladi.
