Inspeksiya haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi "Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 371-son qarori bilan axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimi yanada takomillashtirilib, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi) faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi — axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohalarida qonuniylikni ta’minlash, xizmatlar sifatini oshirish hamda aholini, ayniqsa yoshlarni, noxolis va taqiqlangan axborotlardan himoya qilishdan iborat.
Qarorga muvofiq, “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi ushbu sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi. Inspeksiya:
1. Axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalari, axborot tizimlari va resurslari, maʼlumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy taʼminot faoliyatini monitoring va nazorat qilish yoʻnalishida:
(a) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(b) oʻz vakolati doirasida raqamli texnologiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish va ishlashida axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishi, shuningdek, pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish choralarini taʼminlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(v) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning eʼtiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(g) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(d) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, maʼlumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish;
(j) “oxirgi milya” tamoyili boʻyicha Internet tarmogʻidan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yoʻli bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(z) Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axloq meʼyorlari va qonunchilik talablariga rioya qilinishini monitoring qilish, dasturiy taʼminot ishlab chiqarish va tarqatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qonunbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va jarima choralarini qoʻllash.
2. Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish yoʻnalishida:
(a) ommaviy axborot vositalarida tarqatilishi taqiqlangan va (yoki) cheklangan axborotlarning tarqatilishiga qarshi kurashish yuzasidan qonunchilikda koʻzda tutilgan choralarni koʻradi;
(b) ommaviy axborot vositalari, onlayn platformalarda ijtimoiy axborotning tarqatilishida tili, hajmi, davomiyligi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifiga rioya etilayotgani yuzasidan monitoring va nazorat qilish choralarini koʻradi;
(v) ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
3. Noshirlik va matbaa faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va texnik standartlar talablariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) toʻgʻrisida xabardor qilish tartib taomillarini amalga oshirish yoʻnalishida:
(a) noshirlik va matbaa faoliyati subyektlariga xabardor qilish tartibidagi davlat xizmatlarini koʻrsatadi hamda noshirlik va matbaa faoliyati sohasida davlat reyestrini yuritadi;
(b) kitob nashr etishda, elektron va audio kitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar koʻradi;
(v) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, ruxsatnoma talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan monitoring yuritadi;
(g) noshirlik va matbaa faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
(d) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, noshirlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
4. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn-platformalarda tarqatilishini cheklash yoʻnalishida:
(a) bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(b) axborot mahsulotida bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligi yoki mavjud emasligi, axborot mahsuloti bolalarning muayyan yosh toifasiga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi boʻyicha monitoringni amalga oshiradi;
(v) axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga va tarqatuvchilarga bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi holatlarini, shuningdek, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar yuboradi;
(g) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, onlayn-platforma va veb-saytlar faoliyatining shaffofligini taʼminlash boʻyicha qonunchilikning bajarilishini nazorat qiladi;
(d) noqonuniy kontentni aniqlash maqsadida onlayn-platforma va veb-saytlar monitoringini amalga oshiradi, aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi;
(j) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlaganda belgilangan tartibda ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar beradi va taqdimnomalar kiritadi.
