“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi va “O‘zbekiston pochtasi” AJ hamkorligida o‘quv-seminar tashkil etildi
2025-10-24 16:35:00 / Yangiliklar

“O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan “Pochta aloqasi sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish” mavzusida onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi hamda “O‘zbekiston pochtasi” AJ markaziy va hududiy bo‘linmalari rahbar va mas’ul xodimlari (ZOOM platformasi orqali) ishtirok etdi.
Seminarda “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Pochta aloqasini nazorat qilish bo‘limi mas’ul xodimlari “O‘zbekiston pochtasi” AJ hamda Inspeksiya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida pochta obyektlarida ichki nazorat tizimini tashkil etish natijalari yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbir davomida pochta aloqasi sohasida ichki nazoratni kuchaytirish, qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash hamda aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar muhokama qilindi. Shuningdek, mas’ul xodimlarning ushbu yo‘nalishdagi majburiyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan doimiy tushuntirish ishlari olib borilishi belgilandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan mavjud muammolar, takliflar va tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi hamda barcha savollarga javoblar berildi. Bu kabi seminarlar soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, muammolarga samarali yechim topish hamda pochta aloqasi tizimida ichki nazoratni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
