Brifing: “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 73 ta tashkilotda tekshirishlar o‘tkazildi
2025-10-22 17:40:00 / E'lonlar

“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida soha bo‘yicha qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida 73 ta tashkilotda tekshirishlar o‘tkazildi.
— Shundan 21 tasi davlat va xo‘jalik yurituvchi organlarda, 52 tasi tadbirkorlik subyektlarida amalga oshirildi.
— Ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 68 ta tashkilotga ko‘rsatma, 6 ta idoraga taqdimnoma kiritildi, 32 nafar mansabdor shaxslarga ma’muriy, 12 nafar mas’ul xodimga intizomiy chora qo‘llanildi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olish maqsadida 69 ta profilaktika tadbiri tashkil etilib, huquqiy tushuntirishlar berildi. Soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga oid 1 276 ta loyiha ijrosi monitoring qilindi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan vazirlik va idoralarga 29 ta ogohlantirish berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan 338 ta elektron davlat xizmati hamda 476 ta qo‘shimcha elektron xizmat monitoring qilinib, aniqlangan 22 ta kamchilik bartaraf etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining jami 151 ta veb-resurslari monitoringdan o‘tkazildi. Natijada, 145 ta veb-sayt kriptografik himoya protokollari bilan ta’minlangani va 145 ta sayt O‘zbekiston hududidagi serverlarda joylashtirilgani aniqlandi. O‘tgan davr mobaynida Inspeksiyaga 5 854 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 4 994 tasi ijobiy hal etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga kamayganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, qisqa raqamlib 1144 – “Ishonch telefoni” orqali 4 274 ta murojaat qabul qilinib, 3 811 tasi qanoatlantirildi. Murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 807 taga yoki 27,6 foizga kamaygan. Aholi murojaatlarini joyida tinglash va ijobiy hal etish maqsadida 144 ta sayyor qabullar o‘tkazildi. Ularda 4 148 nafar fuqarolar ishtirok etib, 642 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Shundan 551 tasi ijobiy hal etilgan, 75 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Mobil aloqa xizmatlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 357 ta noqonuniy foydalanilayotgan qurilmalar faoliyatiga chek qo‘yildi. Turizm maskanlari, aeroport, temiryo‘l, avtovokzal va boshqa jamoat joylarida tashkil etilgan 3 000 dan ortiq Wi-Fi hududlarida monitoring o‘tkazilib, aniqlangan 209 ta kamchilik bartaraf etildi. Pochta aloqasi yo‘nalishida yuborilgan xat-xabarlarning manziliga o‘z vaqtida yetkazilishi holati o‘rganildi. Aniqlangan 803 ta kamchilik bo‘yicha ogohlantirishlar berilib, 45 nafar mas’ul xodimga intizomiy chora ko‘rildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish va xodimlarning malakasini oshirish maqsadida ISO 37001:2025 xalqaro standarti bo‘yicha maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv dasturi doirasida 2025-yil davomida jami 33 nafar xodim o‘qitilib, belgilangan talablar asosida sertifikatga ega bo‘ldi.
O‘z navbatida aytish kerakki, bugungi kunda sohaga oid murojaatlarni qabul qilish uchun Inspeksiyaning qisqa raqamli 1144 “Ishonch telefoni” faoliyat yuritib kelmoqda.
