Toshkent shahri va viloyatida ruxsatnomasiz ishlatilayotgan 33 dona ratsiya qurilmasi aniqlandi
2025-10-09 11:40:00 / Yangiliklar

Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida radiomonitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida jami 4 nafar fuqaro tomonidan 33 dona radioelektron vosita (ratsiya) tegishli ruxsatnomalarsiz ishlatilayotgani aniqlandi. Shu jumladan, Toshkent shahrida 3 nafar fuqaro tomonidan 27 ta, Toshkent viloyatida esa 1 nafar fuqaro tomonidan 6 ta ratsiyadan belgilangan tartiblarga rioya etmasdan foydalanilgani qayd etildi.
Mazkur holatlar yuzasidan “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarori bilan tasdiqlangan “Radioelektron vositalarni sotib olish va (yoki) o‘rnatish, xorijdan olib kirish, ekspluatatsiya qilishga ruxsat etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga zid ravishda harakat qilinganligi sababli, fuqarolarga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 152-moddasi birinchi qismiga muvofiq jazo chorasi qo‘llanildi.
“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi barcha jismoniy va yuridik shaxslarga radioelektron vositalarni sotib olish, o‘rnatish, xorijdan olib kirish hamda ulardan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etishlari lozimligini yana bir bor eslatib o‘tadi.
