"O‘zkomnazorat" Inspeksiyasining 2024 yildagi faoliyati natijalari bo‘yicha ma’lumot
2025-01-20 15:00:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasiga yuklatilgan vazifalar doirasida 2024-yilda quyidagi ishlar amalga oshirildi:
aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan 885 ta nazorat tadbirlari tashkil etilgan, xususan 10 ta tashkilotda tekshirish va 875 ta obyektlarda o‘rganishlar o‘tkazilgan.
Nazorat tadbirlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 62 foizga (2023 yilda 546 ta bo‘lgan) ortgan. Nazorat tadbirlari davomida 1 424 ta kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 13 ta tashkilotga ko‘rsatma, 1 ta idoraga taqdimnoma, 13 ta tashkilotga 481 ta xulosa va takliflar, 19 ta tashkilotga 59 ta ogohlantirishlar kiritilishi, 33 nafar mas’ul xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanilishi natijasida, 1 100 dan ortiq kamchiliklar bartaraf etilgan. Muddat belgilangan kamchiliklarning bartaraf etilishi nazoratga olingan.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga doir vazifalar ijrosi, veb-saytlar orqali ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar, axborot tizimlari va resurslari faoliyati, call-markazlarning texnik faoliyati, mobil qamrovni o‘rganish, noqonuniy radioelektron vositalarni aniqlash, teleradio dasturlar qamrovi, pochta jo‘natmalari, ijtimoiy soha obyektlarining internet bilan ta’minlanganligi, saylov uchastkalarida telekommunikatsiya xizmatlari, liniya-kabel xo‘jaligi tartibga keltirilganligi, Wi-Fi hududlarida xizmatlar sifati va boshqa yo‘nalishlarda o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida 15 505 ta kamchiliklar aniqlanib, ko‘rilgan choralar natijasida kamchiliklardan 13 940 tasi (90 foizi) bartaraf ettirilgan, muddati mavjud bo‘lganlari ijrosi nazoratga olingan.
Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 358 nafar shaxsga, jumladan 139 nafar jismoniy va 219 nafar yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. 2024-yilda xizmatlar sifatiga doir 8 348 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 7 628 tasi (92 foizi) qanoatlantirilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan murojaatlar soni 28 foizga kamaygan (2023-yilda – 11 604 ta bo‘lgan).
Bugungi kunda sohaga oid murojaatlarni qabul qilish uchun Inspeksiyaning qisqa 1144 raqamli “Ishonch telefoni” faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Inspeksiyaning “Ishonch telefoni”ga – 5 940 ta (jami murojaatlarning 74 foizi) murojaat kelib tushgan. Ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida, aholining Inspeksiya “Ishonch telefoni”ga ishonchi ortib, yuqori turuvchi instansiyalarga, xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaatlar soni 10 foizga kamayishiga erishilgan (2023-yilda – 1 286 ta, 2024-yilda 1 150 ta murojaat kelib tushgan).
Davlatimiz Rahbari tomonlaridan belgilab berilgan murojaatlar bilan ishlashning “Mahallabay” tizimi doirasida 2024-yilda mahallalarda tashkil etilgan 172 ta sayyor qabullarda 4 mingdan ortiq aholi vakillari ishtirok etishgan hamda ulardan kelib tushgan 687 ta murojaatlar ko‘rib chiqilgan. Shundan, 622 tasi (90 foizi) qanoatlantirib berilgan, 42 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, asosli ya’ni korxonalar aybi bilan deb topilgan murojaatlar yuzasidan 4 ta tashkilotda tekshirish, 21 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar, 94 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan.
Soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga oid belgilangan 1 200 dan ortiq loyihalar ijrosi monitoring qilinib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha vazirik va idoralarga 275 ta ogohlantirishlar berilgan, 18 ta tashkilotlarda o‘rganish o‘tkazilgan. Vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan 304 ta elektron davlat xizmatlari va 678 ta qo‘shimcha elektron xizmatlarini ko‘rsatish holati monitoring qilinib, 60 dan ortiq kamchiliklar aniqlangan, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 26 ta tashkilotlarga ogohlantirishlar berilgan hamda kamchiliklar bartaraf ettirilgan.
Vazirlik va idoralarning 1 279 ta loyihalari, xususan 1037 ta axborot tizimlari, 39 ta axborot resurslari, 52 ta mobil ilovalar, 68 ta elektron platformalar va 83 ta portallar faoliyati monitoring qilingan. Monitoringda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 8 ta vazirlik va idoralarda o‘rganish o‘tkazilgan. Bu orqali, ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlarining sifati va uzluksizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan hamda aholining davlat organlari va tashkilotlarning masofaviy xizmat turlaridan qulay va tezkor foydalanishiga imkon yaratilgan.
Aholiga ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan 458 ta noqonuniy foydalanilayotgan qurilmalar (radioelektron vositalar va repiterlar) faoliyatiga chek qo‘yilgan. Turizm maskanlari, aeroport, temiryo‘l, avtovokzal va boshqa jamoat joylarida tashkil etilgan 3 mingdan ortiq Wi-Fi hududlarida xizmatlar sifati holati monitoring qilingan hamda aniqlangan 204 ta kamchiliklarni joyida bartaraf ettirilgan.
Pochta aloqa xizmatlarini ko‘rsatish nazorati yo‘nalishida yo‘llangan xat-xabarlarni belgilangan muddatlarda manziliga yetkazilayotganligi holati monitoring qilinib, 2 072 ta (2023-yilda 1 182 ta) kamchilik aniqlangan, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 59 nafar mas’ullarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan. Davlat organlari va tashkilotlarining 80 dan ortiq Call-markaz va ishonch telefonlari faoliyati monitoring qilinib, 41 ta aloqa markazlari texnik faoliyatida kamchiliklar aniqlangan, ularga 25 ta ko‘rsatma va 9 ta taqdimnoma va 41 ta ogohlantirishlar chiqarilib, kamchiliklar bartaraf etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi yoki “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining faoliyati aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasida aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan raqamli servis va xizmatlarning sifatini oshirish, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratib kelinmoqda.
