“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi rahbariyati Davlat bojxona qo‘mitasida bo‘lib, raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi
2025-04-11 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10-aprel kuni "O‘zkomnazorat" Inspeksiyasi boshlig‘i F.Rustamov Davlat bojxona qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Davlat bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari, vaziyatlarni kuzatish markazi hamda raqamlashtirish bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalari faoliyati o‘rganildi.
Jumladan, qo‘mitaning Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Targetlash va xavflarni monitoring qilish markazi, Yagona “Call-markazi” hamda Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postida bo‘lib, markaz faoliyati va rasmiylashtiruv jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Qolaversa, qo‘mita ish faoliyatida real vaqt rejimida boshqaruvni amalga oshirish, jarayonlarni avtomatlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlash borasidagi ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish natijalari ko‘zdan kechirildi.
Tadbir davomida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida bojxona tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali samaradorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.



