Andijon: Ulug‘nor tumanida sohaviy masalalar yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi
2026-09-29 17:05:00 / Matbuot anjumanlari

Hududlarda aholi bilan bevosita ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud masalalarni joyida o‘rganish va hal etish maqsadida Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi boshlig‘i F. Rustamov ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Uchrashuvda fuqarolarning murojaatlari bir nechta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rib chiqildi. Xususan, tumanning chekka hududlarida mobil aloqa sifatini yanada yaxshilash, mavjud optik tolali aloqa tarmoqlarini kengaytirish, internet tezligi hamda pochta xizmatlari ko‘rsatilishiga doir masalalar tahlil qilindi. Shu bilan birga, elektron davlat xizmatlarining sifat darajasi, axborot tizimlarining xavfsiz hamda barqaror ishlashi, soha korxonalarining koll-markazlari faoliyati hamda internet maydonida bolalarni zararli kontentdan himoyalash, axborot tarqatishda qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Sayyor qabul davomida bildirilgan bir qator murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga joyida huquqiy va texnik tushuntirishlar berilib, masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Vaqt va qo‘shimcha texnik tadbirlar talab qiladigan murojaatlar esa ijro uchun mas’ul mutasaddilarga yo‘naltirildi.
Uchrashuv doirasida hududdagi mobil aloqa operatorlari va soha korxonalari mas’ullari ishtirokida ishchi muhokama o‘tkazilib, ko‘tarilgan masalalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, tarmoq infratuzilmasini yaxshilash hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
