O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHTning 26-Markaziy Osiyo mediakonferensiyasida ishtirok etdi
2026-10-16 17:50:00 / Yangiliklar

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) shafeligida 26-Markaziy Osiyo mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. "Umumiy voqelikni yaratish: raqamli asrda axborotning haqqoniyligi, mediaetika va ishonch" mavzusiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Xodjayeva ishtirok etdi.
Tadbir Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonning tegishli vazirlik hamda idoralari, media tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar hamda xalqaro ekspertlardan iborat 120 dan ortiq vakilni bir maydonga jamladi. Kun tartibidan sun’iy intellekt, dipfeyk texnologiyalari va kiberbulling kabi zamonaviy tahdidlar sharoitida so‘z erkinligini himoya qilish, feyk xabarlarga qarshi kurashish hamda jamiyatning ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga oid dolzarb masalalar o‘rin oldi.
Konferensiya doirasida YeXHT Vazirlar kengashining 2018-yil 7-dekabrdagi "Jurnalistlar xavfsizligi to‘g‘risida"gi 3/18-sonli qarori (MC.DEC/3/18) rasmiy matni ilk bor o‘zbek va mintaqaning boshqa tillariga tarjima qilingan holda e’lon qilindi. Ushbu hujjat jurnalistlarning erkin va xavfsiz kasbiy faoliyat yuritishini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida N. Xodjayeva raqamli platformalarning mahalliy axborot makoniga ta’siri, klikbeyt sarlavhalar va soxta kontent tarqalishining oldini olishda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan davrda an’anaviy jurnalistika kadrlarini tayyorlash hamda iqtisodiy barqarorligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston tajribasi va amaliy takliflar bayon etildi.
Konferensiya davomida yirik texnologik platformalar hamda sun’iy intellekt muhitida OAV erkinligini himoya qilish bo‘yicha YeXHT va "Axborot va demokratiya forumi" tomonidan ishlab chiqilgan yangi amaliy qo‘llanma taqdim etildi va uni mintaqa davlatlarida tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar ilgari surildi.
Mazkur anjuman raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt keng yoyilayotgan bir davrda mintaqaviy axborot xavfsizligini mustahkamlash, mediaetikani saqlash hamda jurnalistlar huquqlarini himoya qilishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim amaliy maydon vazifasini o‘tadi. O‘zbekiston vakillarining undagi ishtiroki esa mamlakatning zamonaviy axborot tahdidlariga qarshi kurashish hamda milliy media makonni xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarini namoyon etdi.
