Brifing: “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining 9 oylik faoliyati natijalari
2026-10-15 09:00:00 / Yangiliklar

Hisobot davrida aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar sohasida qonun, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan 179 ta nazorat tadbirlari tashkil etildi. Tadbirlarning 50 tasi davlat va xo‘jalik yurituvchi organlarda, 129 tasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazildi. Ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 143 ta tashkilotga ko‘rsatma, 85 nafar mansabdor shaxslarga ma’muriy choralar hamda 14 nafar mas’ul xodimga intizomiy chora qo‘llanildi.
Farmon va qarorlarda soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga oid belgilangan 321 ta loyihalar ijrosi monitoring qilinib, shundan 155 tasi bajarilgan, 166 tasi esa ijro muddati sababli jarayonda ekani aniqlandi. Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan 376 ta elektron davlat xizmatlari va 318 ta qo‘shimcha elektron xizmatlarni ko‘rsatishda aniqlangan 34 ta kamchilik bartaraf ettirildi.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida Inspeksiyaga jami 7 215 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 6 038 tasi qanoatlantirildi. Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslar vakillari ishtirokida 141 ta sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda 4 058 nafar fuqaro ishtirok etib, 578 ta murojaat ko‘rib chiqildi va murojaatlarning 91 foizi qanoatlantirildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan 1 415 ta noqonuniy foydalanilayotgan qurilmalar faoliyatiga chek qo‘yildi. Turizm maskanlari, aeroport, temiryo‘l, avtovokzal va boshqa jamoat joylarida tashkil etilgan 3 minga yaqin Wi-Fi hududlarida xizmatlar sifati monitoring qilinib, aniqlangan 44 ta kamchilik bartaraf ettirildi.
Pochta aloqasini nazorat qilish yo‘nalishida yo‘llangan xat-xabarlarni belgilangan muddatlarda manziliga yetkazilishi holati monitoring qilinib, aniqlangan 932 ta kamchiliklar bo‘yicha ogohlantirishlar berildi. Shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 43 nafar mas’ullarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi.
Axborot sohasi, noshirlik va matbaa yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ–371-son qaroriga muvofiq, axborot sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, subyektlar faoliyati ustidan davlat nazorati va monitoringini amalga oshirish, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ayni paytda respublikada jami 2 777 ta ommaviy axborot vositasi, shu jumladan, 100 ta telekanal, 26 ta radiokanal, 1 250 ta internet nashr, 1 395 ta bosma nashr va 6 ta axborot agentligi, shuningdek, 697 ta noshirlik subyekti va 1 911 ta matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yo‘nalishida arizalarni ko‘rib chiqish natijasida 181 ta OAV davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Noshirlik va matbaa korxonalari faoliyatini boshlaganligi haqidagi xabarnomalar tahlili natijasida faoliyatini boshlagan 120 ta noshirlik va 318 ta matbaa korxonasiga oid ma’lumotlar ko‘rib chiqildi. Inspeksiyaning tegishli buyrug‘i asosida noshirlik korxonalarining masofaviy monitoringi o‘tkazilib, tegishli savolnoma asosida jami 198 ta noshirlik korxonasining faoliyati, jumladan, tashkiliy-huquqiy holati, rahbari, yuridik manzili, aloqa hamda boshqa tegishli ma’lumotlari o‘rganildi.
Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish yo‘nalishida Respublikaning qator hududlarida OAV xodimlari, nashriyot va matbaa mutaxassislarining axborot sohasidagi qonunchilik talablari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar tashkil etildi. O‘tkazilgan tadbirlarda jami 830 nafar soha xodimlari, jumladan, hududlarda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, tele va radiokanallar, internet nashrlari, nashriyot va matbaa korxonalari vakillari ishtirok etdi. O‘quvlar yakuniga ko‘ra, 632 nafar ishtirokchiga belgilangan tartibda sertifikatlar topshirildi.
My.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish” davlat xizmatining texnik va tashkiliy jarayonlari takomillashtirilib, ekspertlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha arizalarni elektron qabul qilish va ko‘rib chiqish tizimi faoliyat boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish hamda mazkur yo‘nalishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda sohaga oid murojaatlarni qabul qilish uchun Inspeksiyaning qisqa raqamli 1144 “Ishonch telefoni” faoliyat yuritib kelmoqda.
