“O‘zkomnazorat” inspeksiyasiga 9 oyda 7 215 ta murojaat kelib tushdi
2026-10-13 12:40:00 / Yangiliklar

Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 7 215 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 7 100 tasi jismoniy shaxslar, 115 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan. Murojaatlarning 6 038 tasi yoki 85,6 foizi qanoatlantirildi.
Ularning asosiy qismi — 5 303 tasi, ya’ni 73,5 foizi 1144 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘p. Shuningdek, murojaatlar Prezident virtual qabulxonasi, murojaat.gov.uz portali, sayyor qabullar, pochta, “Aloqa Nazorati” mobil ilovasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham qabul qilingan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida jismoniy shaxslardan 5 731 ta, yuridik shaxslardan esa 123 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 4 876 tasi yoki 83,3 foizi ijobiy hal etilgan. Joriy yilda murojaatlarning qanoatlantirilish ko‘rsatkichi 85,6 foizni tashkil etdi.
Inspeksiya rahbariyati va hududiy bo‘limlar tomonidan fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni bevosita joyida hal etish maqsadida jami 141 ta sayyor qabullar o‘tkazildi. Ularda 4 058 nafar fuqaro ishtirok etib, 600 ta murojaat qabul qilindi. Shundan 525 tasi joyida hal etildi, 53 tasi yuzasidan tushuntirish berildi. Shu bilan birga, takroriy murojaatlar soni 53 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foizga kamaydi.
Murojaatlarning umumiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, jami murojaatlarning 74 foizi, ya’ni 5 317 tasi bevosita aloqa va axborot xizmatlari sifati bilan bog‘liq. Xususan, internet xizmatlari bo‘yicha 3 593 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 2 913 tasi xizmat sifatiga oid. Mobil aloqa xizmatlari yuzasidan 2 567 ta murojaat qayd etilgan, ularning 1 969 tasi sifat bilan bog‘liq. Televideniye va radioeshittirish xizmatlari bo‘yicha 246 ta murojaatning 197 tasi, mahalliy telefon aloqasi bo‘yicha 245 ta murojaatning 132 tasi, pochta xizmatlari bo‘yicha 96 ta murojaatning 60 tasi xizmat sifatiga taalluqli bo‘lgan. Davlat axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlar faoliyati yuzasidan kelib tushgan 77 ta murojaatning 46 tasi ham shu masalalar bilan bog‘liq.
Tahlillarga koʻra, 561 ta murojaat xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning aybi bilan yuzaga kelgan. Natijada korxonalarga nisbatan 28 ta tekshirish va 1 ta o‘rganish o‘tkazildi, 289 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi, 38 ta ogohlantirish va 4 ta taqdimnoma kiritildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 21 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqildi hamda 233 ta murojaat bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilishi ta’minlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida aloqa liniyalaridagi muammolarni bartaraf etish, tayanch stansiyalar faoliyatini sozlash, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda davlat axborot tizimlaridagi nosozliklarni tuzatish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, "O‘zkomnazorat" inspeksiyasi AKT, pochta xizmatlari sifati, axborot tizimlari, axborot xavfsizligi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa faoliyatida qonunbuzilishlarning oldini olish, mualliflik huquqlari himoyasi va koll-markazlar texnik faoliyatining sifati kabi barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlarni doimiy ravishda ko‘rib chiqadi va ularning qonuniy yechimini ta’minlashga koʻmaklashadi.
