Buxoroda magistral aloqa kabeliga shikast yetkazgan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi
2026-10-06 17:00:00 / Yangiliklar

"Buxoro – Gazli" yo‘nalishida fuqaro S.Sh.R. tomonidan maxsus texnika vositasida yer qazish ishlari olib borilayotgan vaqtda ehtiyotsizlik oqibatida yer ostidan o‘tgan "O‘zbektelekom" AK G‘arbiy filialiga tegishli optik tolali magistral aloqa kabeliga shikast yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan "O‘zkomnazorat" inspeksiyasining Buxoro viloyat hududiy bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Fuqaro S.Sh.R.ning xatti-harakatlarida "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, telekommunikatsiya tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda infratuzilma obyektlariga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, aloqa liniyalari va inshootlarining muhofaza zonalarida har qanday yer qazish, qurilish yoki ta’mirlash ishlarini olib borishdan avval tarmoqqa egalik qiluvchi korxonaning belgilangan tartibdagi ruxsatnomasini olish hamda o‘rnatilgan qoidalarga qat’iy rioya etish talab etiladi.
