“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi va AQSh Davlat departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-09-25 11:10:00 / Yangiliklar

“ICT Week Uzbekistan 2026” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “Central Asian Expocenter” (CAEx) ko‘rgazma majmuasida “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi rahbariyati hamda AQSh Davlat departamentining Kibermakon va raqamli siyosat byurosi (CDP) vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida sun’iy intellekt tizimlarini sinovdan o‘tkazish va baholash bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Shuningdek, uchrashuvda davlat organlari va tashkilotlarida raqamlashtirish holatini o‘rganish jarayonida qo‘llaniladigan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, davlat standartlarida belgilangan talablar hamda me’yorlar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida axborot texnologiyalari va kibermakonini tartibga solish, raqamli xavfsizlikni ta’minlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.
