Axborot makonida milliy qonunchilik talablari: Nukus shahrida muhim o‘quv-seminar tashkil etildi
2026-09-18 10:35:00 / Yangiliklar

Axborot makonida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash va axborot tarqatuvchilar mas’uliyatini oshirish maqsadida Nukus shahrida “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida hududlararo o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda mahalliy hokimliklar, ommaviy axborot vositalari, noshirlik sohasi hamda tegishli tashkilotlardan 200 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi. Xorazm va Buxoro viloyatlari mutaxassislari esa mazkur muloqotga masofadan turib ulandi.
Seminarda so‘nggi paytlarda internet muhitida duch kelinayotgan xatarlar — kiberbulling, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, giyohvandlik va behayolik targ‘ibotining oldini olish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sohada olib borilgan monitoring natijalari tahlil qilindi:
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlar bo‘yicha 3 150 ta holat qayd etilgan;
«UZ» domenidagi 915 ta saytda 1 854 ta qonunbuzilish (asosan qimor, nojo‘ya materiallar, tamaki va alkogol reklamasi) aniqlangan;
Internet resurslari, teleradiokanallar va bosma nashrlarda yana 1 400 ta holatda belgilangan qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.
Yig‘ilishda ishtirokchilarga axborot mahsulotlarini yosh toifalariga ko‘ra to‘g‘ri tasniflash, ekspertizadan o‘tkazish va OAVni ro‘yxatga olish tartiblari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Mutaxassislar asosiy e’tiborni jazolashga emas, balki zamonaviy IT-yechimlar orqali xavfli kontentning oldini olish hamda bu borada davlat organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar hamkorligini kuchaytirishga qaratish lozimligini qayd etdilar.
