Aloqa kabellariga zarar yetkazgan fuqarolarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda
2026-08-25 15:35:00 / Yangiliklar

Telekommunikatsiya infratuzilmasini muhofaza qilish va aloqa xizmatlarining uzluksizligini ta’minlash muhim vazifalardan biridir. Shu bois aloqa liniyalari va kabel inshootlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida “Ist Telekom” MChJ QKning murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishda “Konchilar” MFY hududidan o‘tgan Muborak–Qarshi yo‘nalishidagi optik tolali aloqa kabeliga shikast yetkazilgani aniqlandi. Holat fuqaro O.J. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, unga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 154-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Yana bir holatda, Buxoro–Muborak yo‘nalishida fuqaro Q.I.O. tomonidan qum olish maqsadida maxsus texnika yordamida yer qazish ishlari olib borilishi vaqtida “Ist Telekom” MChJ QKga tegishli magistral aloqa kabeli uzilgan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaroga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy chora qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, yer qazish, qurilish-montaj va boshqa ishlarni amalga oshirishda aloqa liniyalari va kabel inshootlarining muhofaza zonalarida belgilangan talablarga qat’iy rioya qilish zarur. Ushbu talablarning buzilishi aloqa xizmatlarida uzilishlarga hamda qonunchilikda belgilangan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
