Joylarda axborot xavfsizligi va kibermadaniyatni oshirishga qaratilgan seminarlar o‘tkazildi
2026-08-26 16:45:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga keng kirib kelmoqda. Bu esa internetdan xavfsiz foydalanish, shaxsiy va xizmatga oid ma’lumotlarni himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi. Shu maqsadda fuqarolar va tashkilotlar xodimlarining raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mavjud tahdidlarning oldini olish hamda internetdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining hududiy bo‘limlari tomonidan Namangan, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qator tashkilotlar xodimlari hamda “mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilar bilan oddiy kundalik vaziyatlar misolida internetdagi firibgarliklarning keng tarqalgan usullari, shubhali havolalar va xabarlarni aniqlash, akkauntlar xavfsizligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik kabi masalalar muhokama qilindi.
Alohida e’tibor ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va xizmat faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan ishlash masalalariga qaratildi. Ishtirokchilarga ma’lumotlarni himoyalashda kuchli parollardan foydalanish, begona qurilmalarda shaxsiy akkauntlarni ochiq qoldirmaslik va noma’lum manbalardan kelgan xabarlarga ishonmaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlash faqat texnik mutaxassislarning vazifasi emasligi, har bir xodimning kundalik ehtiyotkorligi tashkilot axborot xavfsizligining muhim qismi ekani tushuntirildi. Shu kabi tadbirlar orqali ishtirokchilarning raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash va internetdan foydalanishda ehtiyotkorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
