IIV xodimlari uchun axborot xavfsizligi va mediasavodxonlik bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi
2026-08-17 17:35:00 / Yangiliklar

Raqamli makonda axborot oqimining tobora kengayib borayotgani, soxta xabarlar va turli axborot tahdidlarining ko‘payishi fuqarolarning, ayniqsa, xizmat faoliyatida axborot bilan ishlaydigan xodimlarning mediasavodxonligi va axborot xavfsizligi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashni taqozo etmoqda.
Shu doirada Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti shaxsiy tarkibi uchun “Axborot xavfsizligi va mediasavodxonlik” mavzusida ma’naviyat va ma’rifat darsi tashkil etildi. Unda raqamli makondagi zamonaviy tahdidlar, yolg‘on va manipulyativ axborotlarni aniqlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, fishing hamda ijtimoiy muhandislik usullaridan saqlanish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Xodjayeva hamda Axborot xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Sunnat Rajabov ishtirok etib, axborotni tanqidiy baholash, uning manbasini tekshirish, raqamli muhitda xavfsizlik qoidalariga rioya etish, fishing hujumlaridan saqlanish, parollar xavfsizligini ta’minlash hamda shubhali havolalarga o‘tmaslik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berdi.
“Bugun axborotni tez qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Uning manbasini tekshirish, haqqoniyligini baholash va manipulyativ ta’sirni anglay olish muhim. Ayniqsa, xizmat faoliyatida katta hajmdagi axborot bilan ishlaydigan xodim uchun feyk xabarlar, fishing va ijtimoiy muhandislik usullarini o‘z vaqtida aniqlash zarur ko‘nikma hisoblanadi”, — dedi N. Xodjayeva
Mashg‘ulot davomida ishtirokchilarga hayotiy misollar asosida axborot xatarlarini aniqlash, shubhali xabarlarni tekshirish, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish va axborot bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, axborot manbalarini tahlil qilish, ishonchli va shubhali ma’lumotlarni farqlash, turli axborot tahdidlaridan himoyalanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
