Samarqandda xavfsiz axborot muhitini shakllantirish va kontent mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlangan hududlararo seminar o‘tkazildi
2026-08-14 20:55:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi axborot almashinuvi imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, internet muhitida noqonuniy materiallar tarqalishi, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kontent, kiberbulling, soxta ma’lumotlar va boshqa xavflarning oldini olishga doir masalalarga alohida e’tibor qaratishni talab etmoqda. Shu jihatdan, Samarqand viloyatida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida hududlararo o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik-matbaa sohasi vakillari hamda tegishli tashkilotlardan 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Tadbir Samarqand viloyatida an’anaviy shaklda o‘tkazilib, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan ishtirokchilar videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Tadbirda qonunchilik talablarini amaliyotda bir xilda qo‘llash, noqonuniy kontent tarqalishining oldini olish, voyaga yetmaganlarni zararli materiallardan asrashning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, internetdagi noqonuniy kontent, kiberbulling, qimor o‘yinlari targ‘iboti, giyohvandlik vositalari va pornografik materiallar, soxta ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan deepfake materiallar bilan bog‘liq xavflar ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilarga axborot sohasidagi islohotlar, raqamli texnologiyalar bo‘yicha strategik yo‘nalishlar, kibermakonda qonun ustuvorligi, OAV va raqamli resurslarda kontent mas’uliyati, shuningdek, axborot mahsulotlarini yosh toifalariga ajratish va ekspertizadan o‘tkazish tartibi yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Uchrashuvda 2026-yilning birinchi yarim yilligida milliy axborot makonida o‘tkazilgan monitoring natijalari ham taqdim etildi. Internet resurslari, tele va radio kanallar, davriy nashrlar hamda nashriyot mahsulotlarida aniqlangan qonunbuzilishlar, jumladan, “UZ” domenidagi veb-saytlarda qayd etilgan holatlar va ularning asosiy turlari yuzasidan ma’lumot berildi.
Dastur doirasida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan “Zarafshon” va “Самаркандский вестник” gazetalarining birlashgan tahririyati hamda “Ovozi Samarqand” gazetasi tahririyati faoliyati bilan tanishildi. Tashrif davomida tahririyatlarning ish jarayonlari, axborot mahsulotlarini tayyorlash va tarqatish faoliyati bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Shuningdek, Matbuot uyida tashkil etilgan “Zarafshon” gazetasi muzeyi faoliyati bilan tanishilib, undagi tarixiy eksponatlarni keng ommaga namoyish etish maqsadida ularni veb-saytga joylashtirish hamda onlayn gidni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mazkur yo‘nalishda amaliy ishlarni tashkil etish yuzasidan Samarqand viloyati hududiy inspeksiya boshlig‘iga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashriflar davomida tahririyat va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy poligrafiya texnologiyalaridan foydalanish hamda bosma nashrlarning raqamli media bilan uyg‘unlashuvi bo‘yicha tajribalar ham o‘rganildi.
Mazkur o‘quv-seminar axborot sohasida qonunchilik talablariga rioya etish, kontent mas’uliyatini oshirish, zamonaviy axborot xavflarining oldini olish hamda voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish bo‘yicha amaliy tajriba va fikr almashish imkonini berdi.
