Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-08-13 15:55:00 / Yangiliklar

Yoshlar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud imkoniyatlar yuzasidan ma’lumot berish maqsadida Samarqand viloyatida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
A.S. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan tadbirda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Muloqot davomida Inspeksiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar, axborot sohasi, raqamli texnologiyalar, ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi Asadjon Xodjayev so‘zga chiqib, yoshlarning raqamli texnologiyalar va axborot sohasidagi bilimlarini rivojlantirish, amaldagi qonunchilikdan xabardorligini oshirish, zamonaviy kasblarni egallash hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga to‘xtaldi.
“Bugungi kunda yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, raqamli texnologiyalar va axborot sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanish, zamonaviy kasblarni o‘zlashtirish hamda yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish yoshlarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qiladi. Bunday uchrashuvlar esa yoshlarning fikr va takliflarini tinglash, o‘zaro tajriba almashish hamda ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish uchun samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Asadjon Xodjayev.
Uchrashuvda mamlakatimizda IT sohasining rivojlanish ko‘rsatkichlari ham keltirildi. Hozirda IT Park tizimida 2 800 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritib, 40 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. IT sohasida ish o‘rinlari o‘sishi 240 foizga yetgan. 2026-yilda eksportbop kompaniyalar tomonidan qo‘shimcha 6 500 ta yangi ish o‘rni yaratish, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida esa 300 mingta ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Yoshlarning IT yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “Bir million dasturchi”, “IT Academy”, “IT Park Education” kabi ta’lim loyihalari, IT Park filiallari, kovorking markazlari va startap inkubatorlari faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy imkoniyatlar, jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 20 million so‘mgacha, IT yoki biznes faoliyatini boshlash uchun 300 million so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yoshlar ishtirokida daraxt ekish tadbiri tashkil etilib, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga hissa qo‘shildi. Tadbirlar yoshlar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda Mustaqillik bayrami munosabati bilan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini kengaytirishga xizmat qildi.
