Hududlarda kibermadaniyatni yuksaltirishga qaratilgan o‘quv seminarlari o‘tkazildi
2026-08-05 17:05:00 / Yangiliklar

Aholi va soha vakillarining axborot xavfsizligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli makonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish hamda kibermadaniyatni yuksaltirish maqsadida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Xorazm va Sirdaryo viloyatlari hududiy bo‘limlari tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan seminarda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, IT Park rezidentlari hamda soha tashkilotlari xodimlariga onlayn firibgarlik va raqamli huquqbuzarliklarning oldini olish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda kibermadaniyatni yuksaltirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar va taqdimotlar o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan seminarda esa yoshlar yetakchilari, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda mas’ul xodimlarga zamonaviy tahdidlar, internet tarmog‘ida uchraydigan firibgarlik usullari, shaxsiy ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish hamda bunday huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Seminarlar davomida ishtirokchilarga internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, raqamli makonda uchrashi mumkin bo‘lgan tahdidlardan himoyalanish hamda kibermadaniyatga oid tavsiyalar yetkazildi.
