Farg‘ona viloyatidagi ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishildi
2026-07-25 09:40:00 / Yangiliklar

“Oʻzkomnazorat” inspeksiya boshlig‘i F. Rustamov Farg‘ona viloyatiga xizmat safari davomida hududdagi ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishdi.
Farg‘ona viloyati media sohasi rivojlangan hududlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda viloyatda 70 ta ommaviy axborot vositasi, jumladan, 54 ta gazeta, 9 ta jurnal, 5 ta telekanal va 2 ta radio faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, hududda 94 ta veb-sayt axborot tarqatish faoliyatini olib bormoqda.
Tashrif avvalida “Yangi Farg‘ona” — “Новая Фергана” gazetalari tahririyatiga tashrif buyurilib, tahririyatning kundalik ish jarayoni, bosma nashrlarni tayyorlash hamda raqamli platformalarda olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Ijodiy jamoa bilan muloqot davomida bosma nashrlarni zamon talablari asosida rivojlantirish, ularni raqamli muhitga bosqichma-bosqich transformatsiya qilish, internet auditoriyasini kengaytirish va sifatli kontent tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Xizmat safari doirasida “Ruxsor TV” va “Gold TV” telekanallari hamda “Ruxsor” radiosi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Teleradiokompaniya studiyalari, montaj xonalari, efirga uzatish tizimlari, texnik imkoniyatlar hamda ijodiy jamoaning ish jarayoni ko‘zdan kechirildi.
Uchrashuvlar davomida raqamli media imkoniyatlaridan unumli foydalanish, auditoriya uchun ishonchli hamda sifatli kontent tayyorlash masalalari muhokama qilinib, soha vakillariga axborot qonunchiligi talablariga rioya etish va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
