Farg‘onada axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan hududlararo o‘quv-seminar o‘tkazildi
2026-07-23 14:45:00 / Yangiliklar

Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida hududlararo o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Seminar axborot makonida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, axborot sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarning huquqiy xabardorligi va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, aniqlanayotgan qonunbuzilishlarning kelgusida takrorlanishining oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar samaradorligini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Farrux Rustamov axborot sohasida monitoring va profilaktik tadbirlar natijalari hamda aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va ularning takrorlanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi.
“Raqamli muhitda axborot xavfsizligini ta’minlash faqat nazorat bilan emas, balki profilaktika, ochiq muloqot va barcha axborot tarqatuvchilarning yuksak huquqiy mas’uliyati orqali amalga oshiriladi. Shu bois qonunchilik talablariga rioya etish, noqonuniy kontent tarqalishining oldini olish va bolalarni zararli axborotdan himoya qilish nafaqat tegishli tashkilotlar, balki axborot sohasida faoliyat yurituvchi barcha subyektlar va jamiyatning umumiy vazifasidir”, — dedi Farrux Rustamov.
2026-yilning birinchi yarmida internet tarmog‘i, tele va radiokanallar, davriy bosma nashrlar hamda noshirlik mahsulotlarini qamrab olgan 1 400 ta monitoring tadbiri o‘tkazildi. Monitoringlar doirasida axborot sohasiga oid qonunchilik, texnik reglamentlar va standartlar talablariga rioya etilishi o‘rganilib, 3 150 ta holat aniqlandi. Mazkur holatlar kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida profilaktik va tushuntirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
O‘tkazilgan tahlillar axborot sohasida qonunchilik talablariga rioya etish bilan bog‘liq ayrim yo‘nalishlarga, jumladan, axborot mahsulotlarini yoshga doir tasniflash, katta yoshdagilar uchun mo‘ljallangan kontentni belgilangan vaqt talablariga muvofiq efirga uzatish hamda internet resurslarida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar targ‘ibotining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, kiberbulling, qimor va bukmekerlik xizmatlari targ‘iboti, narkotik vositalarni ommalashtiruvchi materiallar, zo‘ravonlik va behayolikni targ‘ib qiluvchi kontent, manipulyativ axborot, yolg‘on xabarlar hamda sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan deepfake materiallar raqamli muhitda yuzaga kelayotgan dolzarb axborot xavflari sirasiga kiradi.
Seminar davomida axborot sohasida faoliyat yurituvchi subyektlar uchun axborotni tarqatishda mas’uliyatli yondashuvni ta’minlash, axborot mahsulotlarini belgilangan talablar asosida tayyorlash va tarqatish, shuningdek, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xususan, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunlar hamda axborot sohasiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotda qo‘llanilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, ommaviy axborot vositalarining kontent uchun mas’uliyati, internet xavfsizligi, kiberhimoya, mualliflik huquqiga rioya etish, axborotni tarqatishda qonunchilik talablariga amal qilish, bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning huquqiy asoslari hamda axborotning ishonchliligini tekshirish masalalari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi.
Seminarda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Intellektual mulk huquq egalari jamoat birlashmasi mutaxassislari, psixologiya sohasi hamda media hamjamiyati vakillari ishtirok etib, xavfsiz va mas’uliyatli axborot muhitini shakllantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbirda vodiy viloyatlarida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, tele va radiokanallar, internet nashrlari, nashriyot hamda matbaa korxonalarining 200 nafarga yaqin vakili ishtirok etdi.
Seminar davomida axborot sohasida qonunchilik talablariga rioya etish, aniqlangan holatlarning sabablarini tahlil qilish, ularning kelgusida takrorlanishining oldini olish, axborot sohasi subyektlarining huquqiy xabardorligi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir axborot sohasi xodimlarining milliy qonunchilik talablarini yanada chuqur o‘zlashtirishi, axborot mahsulotlarini yoshga doir tasniflash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashi hamda axborot sohasida faoliyat yuritishda yagona huquqiy va kasbiy yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.
Axborot sohasida monitoring va nazoratning asosiy maqsadi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bilangina cheklanmay, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning kelgusida takrorlanishining oldini olish hamda xavfsiz va mas’uliyatli axborot muhitini shakllantirishdan iborat.
