Buxoro viloyatida radioelektron vositalar bilan bog‘liq qonunbuzarlik bartaraf etildi
2026-07-13 13:55:00 / Yangiliklar

Radiochastota spektridan foydalanish tartibiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Buxoro viloyat hududiy bo‘limi tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida mansabdor shaxs tomonidan mobil aloqa signalini kuchaytiruvchi repitor qurilmasidan belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 152-moddasi birinchi qismi talablari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
Aniqlangan qonunbuzarlik bartaraf etilib, mobil aloqa signalini kuchaytiruvchi qurilmadan foydalanish to‘xtatildi. Qurilma egasiga radiochastota spektridan foydalanish bo‘yicha amaldagi talablar tushuntirildi. Jumladan, bunday qurilmalardan tegishli ruxsatnomasiz foydalanish mobil aloqa tarmoqlarida xalaqitlar yuzaga kelishiga va aloqa xizmatlari sifatining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkinligi bildirildi.
