Buxoro viloyatida 18 dona ratsiya qurilmasidan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qo‘yildi
2026-07-14 13:20:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibiga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Inspeksiyaning Buxoro viloyat hududiy bo‘limi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazgan monitoring tadbirlari davomida uch nafar mansabdor shaxs tomonidan jami 18 dona “BAOFENG” rusumidagi ratsiya qurilmasidan belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan foydalanib kelinayotgani aniqlandi. Natijada qonunbuzarlik bartaraf etilib, mazkur radioelektron vositalardan noqonuniy foydalanish to‘xtatildi.
Mazkur holat yuzasidan "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 152-moddasi birinchi qismi talablariga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda to‘plangan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun vakolatli sud organiga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish, olib kirish, o‘rnatish hamda ulardan foydalanishda “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarori bilan belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishi lozim. Mazkur talablarga amal qilmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
