“O‘zkomnazorat” inspeksiyasida xodimlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga oid qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy bilim va ko‘nikmalari oshirildi
2026-06-23 15:55:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasida xodimlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga oid qonunchilik hujjatlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i K. Xolbayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-374-son qarori mazmun-mohiyati, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni tashkil etishning huquqiy asoslari, “xavfni tahlil qilish” tizimi hamda profilaktika tadbirlarining ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tekshiruv jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash, davlat nazoratini raqamlashtirish, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi hamda bu jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda mavzuni o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida onlayn test sinovlari o‘tkazildi. Bunday seminarlar xodimlarning huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, ularning kundalik faoliyat samaradorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
