Hududlarda radiochastota spektridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda
2026-06-10 17:25:00 / Yangiliklar

Radiochastota spektridan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Tadbirlarda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududiy bo‘limlari hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUKning hududiy xizmatlari mutaxassislari tomonidan sohaga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Jumladan, “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarori hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shuningdek, transport vositalarida foydalanilayotgan radioelektron vositalarni aniqlash, ularni belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish hamda tegishli xulosalar berish masalalari muhokama qilinib, amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarlar davomida sohada o‘zaro hamkorlikni yanada samarali tashkil etish, amaliyotda uchrayotgan masalalarni tezkor va qonunchilik talablari asosida hal etish yuzasidan fikr almashildi.
