“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi xodimlari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi
2026-05-26 15:35:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi xodimlari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, Amir Temur va Temuriylar davriga oid boy tarixiy meros hamda muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Muzey buyuk ajdodimiz Amir Temur va uning avlodlari davrida yurtimizda shakllangan davlatchilik, ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik an’analarini yorituvchi muhim ilmiy-ma’rifiy maskan hisoblanadi.
Tashrif davomida xodimlar muzeyda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy buyumlar, tangalar, qurol-aslahalar va boshqa noyob eksponatlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Shuningdek, Amir Temurning davlat boshqaruvi va boy ma’naviy merosi bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar bilan tanishdilar.
Mazkur tashrif xodimlar uchun nafaqat tarixiy bilimlarini boyitish, balki milliy qadriyatlarimiz va ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
