“O‘zkomnazorat” inspeksiyasida korrupsiyaga oid xavflarni aniqlash va baholash uslubiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi
2026-05-20 15:35:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tizimida shaffoflik va hisobdorlikni yanada mustahkamlash, xizmat faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida “O‘zkomnazorat inspeksiyasi faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyati” mavzusida seminar-tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida inspeksiya faoliyatida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlash va tahlil qilishning asosiy maqsadlari, ushbu jarayonni samarali tashkil etish tartibi, shuningdek, vazifa va funksiyalar doirasida uchrashi ehtimol bo‘lgan salbiy holatlarning ichki hamda tashqi axborot manbalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, xavf darajasini belgilash mezonlari, ularni baholash tartibi hamda aniqlangan omillarni bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy va profilaktik choralar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Seminar jarayonida xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik tushunchasi, qoldiq xavflarni aniqlash hamda ularning darajasini belgilash mezonlarining mazmun-mohiyati keng yoritildi.
Mazkur tadbir xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, xizmat faoliyatida ochiqlik tamoyillarini kuchaytirish hamda salbiy omillarning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuvni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
