Xorazmda raqamli boshqaruvni rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama etildi
2026-05-20 12:55:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada rivojlantirish, hududiy boshqaruv tizimlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda real vaqt rejimida monitoring va tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bir qator amaliy ishlar o‘rganildi.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i F. Rustamov viloyat hokimligi huzurida faoliyat yuritayotgan Raqamli vaziyatlar markazining ish faoliyati, tashkiliy tuzilmasi hamda raqamli boshqaruv jarayonlarida qo‘llanilayotgan mexanizmlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida markaz tomonidan hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni uzluksiz monitoring qilish hamda ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, axborotlarni yig‘ish, qayta ishlash va yagona platforma orqali integratsiyalashgan holda monitoring qilish imkoniyatlari, raqamli texnologiyalar asosida hududlarni samarali boshqarish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qolaversa, telekommunikatsiya infratuzilmasining barqaror faoliyatini ta’minlash, axborot tizimlari xavfsizligini kuchaytirish hamda idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
