“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i TATU talabalari bilan uchrashdi
2026-05-14 15:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ularning bilim olishi, kasbiy salohiyatini rivojlantirishi hamda zamonaviy sohalarda munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilayotgan uchrashuv va ochiq muloqotlar yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i F. Rustamovning talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida talaba-yoshlarning inspeksiya tizimida amaliyot o‘tashi, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan boyitishi hamda kelgusida malakali mutaxassis sifatida shakllanishiga ko‘maklashishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolanganligi alohida qayd etildi. Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va amaliy tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, universitetda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishildi. Jumladan, zamonaviy jihozlangan o‘quv auditoriyalari, innovatsion laboratoriyalar, amaliy mashg‘ulot xonalari hamda talaba-yoshlarning qiziqish va iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilayotgan to‘garak va maxsus faoliyat xonalari ko‘zdan kechirildi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, fikr va takliflarini bildirdilar. Ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, amaliy tajribasini mustahkamlash hamda innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, ularning intellektual va kasbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizning raqamli taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
