Sankt-Peterburg shahrida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi
2026-05-13 12:00:00 / Yangiliklar

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan nazorat qiluvchi organlar hamda xususiy sektor vakillarining xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi, Rossiya Federatsiyasi Moliyaviy monitoring federal xizmati hamda Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi tomonidan tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi qator xalqaro tashkilotlar vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Muhokamalar davomida xalqaro tajriba almashish eng samarali yechimlarni topishda muhim ahamiyat kasb etishi, zamonaviy texnologiyalar orqali raqamli nazorat tizimlarini takomillashtirish, axborot va moliyaviy xavfsizlikni kuchaytirish hamda innovatsion yechim va vositalardan foydalanish uchun zarur sharoit yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, forum doirasida nazorat organlari hamda xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, komplaens va ichki nazorat xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan olib borilgan tahlillar, nazorat mexanizmlari hamda aniqlangan qoidabuzilishlar bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarga oid taqdimotlar namoyish etildi.
Har bir seksiya doirasida mavzular interaktiv muhokama shaklida tashkil etilib, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga ma’ruzachilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Mazkur forum mamlakatimizda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tajribani o‘rganish, idoralararo hamkorlikni kengaytirish hamda nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
