“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan Andijon viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi
2026-04-30 15:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatida raqamli texnologiyalar va aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash, fuqarolar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi rahbariyati tomonidan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabulda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid murojaatlari tinglandi.
Uchrashuv davomida fuqarolar tomonidan internet sifati, mobil aloqa qamrovi, ayrim hududlarda aloqa infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar hamda raqamli xizmatlardan foydalanishdagi masalalar ko‘tarildi.
Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, bir qator murojaatlar joyida ko‘rib chiqilib, ayrimlariga darhol amaliy yechimlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar yuzasidan esa mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida hududda aloqa sifati hamda raqamli xizmatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mazkur sayyor qabul aholining real muammolarini bevosita eshitish, tezkor yechim topish hamda raqamli infratuzilmani yanada takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
