Navoiy va Buxoro viloyatlarida telekommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetkazgan fuqarolarga nisbatan chora ko‘rildi
2026-04-24 16:00:00 / Yangiliklar

Navoiy va Buxoro viloyatlarida telekommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan tegishli o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, Navoiy viloyatining Zarafshon sanoat hududida fuqaro J.O. tomonidan maxsus texnika vositasidan foydalanish jarayonida “O‘zbektelekom” AK G‘arbiy filialiga qarashli aloqa kabeli ehtiyotsizlik oqibatida uzib yuborilgani aniqlangan.
Shuningdek, Buxoro viloyati, Peshku tumani, Allayor qishlog‘ida fuqaro K.Sh. qurilish ishlari vaqtida maxsus texnikadan foydalangan holda “O‘zbektelekom” AK G‘arbiy filiali To‘rtinchi bog‘lamasiga qarashli havo aloqa liniyasidagi OTAK-48 rusumli kabelga shikast yetkazib, aloqa uzilishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining tegishli hududiy bo‘limlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, fuqarolar tomonidan belgilangan tartib va qoidalarga rioya etilmagani aniqlandi. Aniqlangan huquqbuzarliklar asosida har ikki holat bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 154-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, yetkazilgan moddiy zararni qoplash hamda aloqa tarmoqlarini tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi barcha fuqarolar va tashkilotlarni yer qazish yoki qurilish ishlarini amalga oshirishdan avval muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining joylashuvini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish hamda amaldagi qoidalarga qat’iy rioya etishga chaqiradi.
