Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Raqamli sog‘liqni saqlash markazi faoliyati bilan tanishildi
2026-04-23 15:30:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Raqamli sog‘liqni saqlash markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tibbiyot muassasalarida raqamli yechimlarni keng joriy etish orqali xizmatlar samaradorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Farrux Rustamov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida mazkur markaz faoliyati bilan tanishdi. Taqdimot davomida markazda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, elektron tibbiy xizmatlarni joriy etish, axborot tizimlari orqali ma’lumot almashinuvini takomillashtirish hamda bemorlarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalari o‘rtasida yagona raqamli tizimni rivojlantirish va jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Farrux Rustamov sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tashrif davomida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish, zamonaviy raqamli yechimlarni kengaytirish hamda tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
