“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Nukusda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2026-04-23 14:20:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Farrux Rustamov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Nukus shahridagi Raqamli texnologiyalar texnikumida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv har haftaning payshanba kuni o‘tkaziladigan “Yoshlar kuni” doirasida bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar kuni” — yoshlar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, shuningdek, kelgusidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim platformalardan biri hisoblanadi. Ushbu kun doirasida turli darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning fikr va g‘oyalarini tinglab kelmoqda.
Uchrashuvda inspeksiya boshlig‘i sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, shunday dedi:
Raqamli infratuzilmani rivojlantirish va telekommunikatsiya xizmatlari sifatini izchil oshirish bugungi kunning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu jarayonda eng katta e’tibor yosh kadrlarni tayyorlashga qaratilmoqda. Chunki sohaning kelajagi aynan bilimli, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, yoshlarni raqamli soha jarayonlariga keng jalb etish ustuvor vazifamiz hisoblanadi.
Shuningdek, muloqot davomida raqamli texnologiyalar sohasida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
