Sirdaryo viloyatida radioelektron vositalardan tegishli ruxsatnomasiz foydalanish holati aniqlanib, mas’ul shaxsga nisbatan chora ko‘rildi
2026-04-17 16:45:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyatida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Shu doirada "O‘zkomnazorat" inspeksiyasining Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Elektromagnit moslashuv xizmati hamkorligida Sayxunobod tumanida monitoring o‘tkazildi.
Monitoring davomida “D.S.” MChJga tegishli jami 10 ta radioelektron vosita (radio ko‘prik) uchun berilgan ruxsatnoma 2025-yilda muddati tugagani aniqlanib, shunga qaramay mazkur qurilmalardan foydalanish davom ettirilgani ma’lum bo‘ldi.
Shu sababli belgilangan tartib talablariga rioya etmagan MChJ mas’ul xodimi D.F.ga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 152-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mazkur qurilmalardan foydalanish uchun ruxsatnomalar belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirildi.
