Shovotda aloqa kabeliga zarar yetkazgan shaxsga nisbatan ma’muriy chora qo‘llandi
2026-04-07 19:30:00 / Yangiliklar

Barqaror va sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ta’minlash bugungi kunda ustuvor vazifalardan biridir. Shu sababli, ushbu sohada yuzaga keladigan har qanday qonunbuzarlik holatlari “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, aybdor shaxslarga qonunda belgilangan choralar ko‘riladi.
Xususan, Shovot tumani, Paxtakor mahallasida yashovchi fuqaro X.R. hududda qazish ishlari olib borayotganda “O‘zbektelekom” AK Shimoliy filialiga qarashli optik tolali aloqa kabelini uzib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holat “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi Xorazm viloyat hududiy bo‘limi tomonidan o‘rganilib, fuqaro X.R. tomonidan “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalari”ga rioya qilinmaganligi aniqlandi. Aniqlangan huquqbuzarlik asosida X.R.ga “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanildi.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi barcha fuqarolar va tashkilotlarni yer qazish yoki qurilish ishlarini boshlashdan oldin muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarining joylashuvini belgilangan tartibda muvofiqlashtirishga chaqiradi.
