Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2026-04-06 17:30:00 / Yangiliklar

9-aprel — Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur oyligi” doirasida “O‘zini anglab, o‘tmishdan kuch olib, kelajak sari dadil qadam” g‘oyasi ostida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti “Jahon tarixi” kafedrasi tarix fanlari doktori, professor, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi a’zosi Ernazarov Fayzullo Narzullayevich ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruza davomida Amir Temurning hayoti va faoliyati, davlat boshqaruvidagi yondashuvi, strategik fikrlashi hamda boy tarixiy merosining bugungi kundagi ahamiyati ilmiy asosda yoritildi. Xususan, buyuk sarkardaning qat’iyat, intizom va aniq maqsad sari harakat qilish kabi fazilatlari bugungi kunda, ayniqsa, raqamli texnologiyalar va axborot sohasida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar uchun muhim ibrat ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda Amir Temur merosini o‘rganish va targ‘ib etish, uni yoshlar ongiga zamonaviy yondashuvlar asosida yetkazish, ularda vatanparvarlik, mas’uliyat va kasbiy sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida buyuk sarkarda xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning boy merosi bugungi kunda yurt ravnaqi yo‘lida faoliyat olib borayotgan yoshlar uchun muhim ma’naviy asos ekani alohida qayd etildi.
