Kontent xizmatlarini taqdim etish tartibi bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiritilmoqda
2026-03-30 15:00:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalar vazirining 2026-yil 6-yanvardagi tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Telekomunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari” Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-yanvarda 3762-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan.
✅ Mazkur qoidalar bilan bir qator yangi normalar joriy etilmoqda. Jumladan, foydalanuvchilarga kontent xizmatlarini taqdim etish shartlari aniq belgilab berilgan.
⚠️ Unga ko‘ra, kontent xizmatlari kontent provayderlari tomonidan litsenziya asosida taqdim etiladi. Kontent provayderlarining mobil aloqa operatorlari orqali abonentlarga ularning raqami balansi hisobidan taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlari, shuningdek kontent xizmatlari dastlab nofaol holatda bo‘ladi.
✔️ Kontent xizmatlarini abonent tomonidan aktivatsiya qilish mobil aloqa operatorining mobil ilovasi yoki USSD kod orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur xizmatlarni deaktivatsiya qilish ham soddalashtirilgan tartibda mobil ilova yoki USSD kod orqali bajarilishi belgilangan.
💸 Qoidalarga muvofiq, pullik xizmatlarni abonentlarga avtomatik tarzda ulashga, shuningdek dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni abonentning rozilik tasdig‘isiz pullik xizmatga o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
⏭️ Abonentlarni pullik xizmatlarga, shu jumladan kontent xizmatlariga ulash ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Bunda birinchi bosqichda tanlangan xizmat (xizmat turi, mazmuni, muallifi, narxi, davomiyligi, xizmatni bekor qilish tartibi, bog‘lanish uchun telefon raqamlari) haqida abonentga batafsil ma’lumot beriladi.
Ikkinchi bosqichda esa tanlangan xizmatni ulash uchun abonentning rozilik tasdig‘i olinadi.
▶️ Abonentning rozilik tasdig‘i faqat quyidagi usullar orqali olinganda haqiqiy deb e’tirof etiladi:
• bepul SMS-xabar orqali maxsus kodni yuborish orqali;
• mobil aloqa operatorining mobil ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlash (tasdiqlash yoki rozilik berish tugmasini bosish) orqali.
🔖 Shuningdek, mobil aloqa operatori va kontent xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayder tomonidan abonentning rozilik tasdig‘isiz ulanish holati aniqlangan taqdirda, mobil aloqa operatori ushbu xizmatni 24 soat ichida bekor qilishi hamda yechilgan mablag‘ni abonentga to‘liq qaytarishi shartligi belgilangan.
