“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Kasbi tumanida sayyor qabul o‘tkazdi
2026-03-27 16:00:00 / Yangiliklar

Aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni tezkor hal etish maqsadida hududlarda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Xususan, joriy yilning 27-mart kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Farrux Rustamov ishtirokida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Tadbirda jismoniy va yuridik shaxslardan internet tarmog‘iga ulanish, xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblar, mobil aloqa sifati hamda kiberxavfsizlik masalalariga oid jami 19 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlar “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limi tomonidan nazoratga olindi. Murojaatlarning bir qismi joyida ijobiy hal etildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi masalalar esa belgilangan tartibda mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirildi.
Shuningdek, mavjud muammolarni muhokama qilish maqsadida soha korxonalari mas’ullari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, ular bilan faol muloqot tashkil etildi. Tadbirda dolzarb masalalar batafsil muhokama qilindi, korxonalar tomonidan taqdim etilgan takliflar va izohlar tinglandi hamda ularni amaliy yechimlarga yo‘naltirish masalalari belgilandi.
Tadbir davomida inspeksiya boshlig‘i Farrux Rustamov shunday dedi:
“Telekommunikatsiya xizmatlari sifatini izchil oshirib borish, foydalanuvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash ustuvor vazifalarimizdan biridir. Ayniqsa, chekka hududlarda mavjud infratuzilmaning samarali ishlashini nazorat qilish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha tizimli choralarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish zarur.”
Shuningdek, tadbirda Kasbi tumani “og‘ir hududlar” toifasiga kiritilganligini inobatga olib, mavjud muammolarni kompleks bartaraf etish maqsadida alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Bu turdagi sayyor qabullar hududlarda ochiq va konstruktiv muloqotni ta’minlash, fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish, soha korxonalari mas’ullari bilan mavjud muammolarni muhokama qilish hamda axborot-kommunikatsiya xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
