Navoiyda aloqa infratuzilmasiga zarar yetkazish holati aniqlanib, ish sudga yuborildi
2026-03-10 15:50:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati Tomdi tumanida aloqa infratuzilmasiga zarar yetkazish bilan bog‘liq holat aniqlanib, mas’ul shaxsning harakatlari o‘rganildi. Xususan, Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan yer qazish ishlari vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida “O‘zbektelekom” AK G‘arbiy filialiga qarashli aloqa kabeli uzib yuborilganligi aniqlangan.
Mazkur holat “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Navoiy viloyati hududiy bo‘limi tomonidan o‘rganilib, yer qazish ishlarini tashkil etishda amaldagi me’yoriy hujjatlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-son qarorida belgilangan tartiblarga rioya qilinmagani aniqlandi.
Ushbu huquqbuzarlik yuzasidan mas’ul shaxsga nisbatan "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 154-moddasi 1-qismi asosida ish hujjatlari tayyorlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudiga taqdim etildi.
“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi barcha fuqarolar va tashkilotlarni yer qazish hamda qurilish ishlari boshlanishidan oldin muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining joylashuvini belgilangan tartibda muvofiqlashtirishga chaqiradi. Bu nafaqat qonunbuzarliklarning oldini olish, balki barqaror va sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
