Andijon va Xorazm viloyatlarida 18 ta ratsiya qurilmasining noqonuniy ishlatilishiga chek qo‘yildi
2026-03-11 14:55:00 / Yangiliklar

“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining hududiy bo‘limlari tomonidan radioelektron vositalar hamda yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibiga rioya etilishini ta'minlash yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyati Paxtaobod tumanida joylashgan nodavlat ta’lim muassasasida 6 dona “BAOFENG” rusumli radioelektron vositadan tegishli ruxsatnomasiz foydalanib kelinayotganligi aniqlandi va ularning noqonuniy ishlatilishiga chek qo‘yildi. Holat yuzasidan muassasa rahbariga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 152-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborildi.
Shuningdek, Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazilgan tadbirlar davomida yana bir nodavlat ta’lim muassasasida 12 dona “BAOFENG” rusumidagi ratsiya qurilmasidan ruxsatnomasiz foydalanib kelinayotganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan ham tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda ish hujjatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudiga taqdim etildi.
“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi yuridik va jismoniy shaxslardan radioelektron vositalarni sotib olish, o‘rnatish, xorijdan olib kirish hamda ulardan foydalanishda “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarorida belgilangan talablarga qat’iy rioya etishni so‘rab qoladi.
