“O‘zkomnazorat” Inspeksiyasida fuqaro muhofazasi bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
2026-02-16 10:30:00 / Yangiliklar

Xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasi markaziy apparati hamda hududiy bo‘limlari xodimlari uchun o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda institutning Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kafedrasi katta o‘qituvchisi, texnika fanlari doktori Xolmo‘min Azimov tomonidan “Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda fuqaro muhofazasining huquqiy asoslari” mavzusida ma’ruza qilindi.
Tadbir davomida xodimlarga tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda, jumladan, zilzila va yong‘in holatlarida harakat qilish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilib, amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi. Mazkur mashg‘ulot xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini yanada oshirishga xizmat qildi.
