“Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin!”
2025-11-17 16:55:00 / Yangiliklar

18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasida “Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati” a’zosi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti dotsenti, “Do‘stlik” ordeni sohibi Eshbekov To‘lqin Usmonovich ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzachi o‘z chiqishida Davlat bayrog‘ining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, mustaqillik yillarida uning nufuzini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, fuqarolarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Tadbir davomida Davlat bayrog‘ining mazmun-mohiyati, ranglari va ramziy ma’nolari, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan normalarga rioya etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan davlat bayrog‘i xalqimizning tarixiy merosi, milliy g‘urur va iftixor timsoli ekani, uni e’zozlash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligi qayd etildi.
