Pedagoglar uchun ajoyib yangilik!
2025-02-24 13:05:00 / Yangiliklar

Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama olmoqchimisiz — malaka sinovlarida qatnashing!
Vazir jamg‘armasidan ustama berish tartibiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tayyorlanayotgan Hukumatning yangi qaror loyihasiga binoan, endilikda barcha pedagoglar mazkur ustamani olishga da’vogarlik qilishi mumkin.
Buning uchun talabgor pedagoglar malaka toifasi sinovlarida qatnashishi lozim.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlangan ushbu qaror loyihasiga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab Vazir jamg‘armasi uchun o‘tkaziladigan birinchi bosqich (test) sinovlari o‘tkazilmaydi.
Keyingi bosqichga nomzodlar sifatida malaka sinovlarining birinchi bosqich natijalariga ko‘ra umumiy ballning kamida 80 foizini qo‘lga kiritgan fan o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari orasidan eng yuqori natijani ko‘rsatgan uchta nomzod tanlab olinadi (hududlar kesimida fan yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlangan har bitta kvota uchun).
2026-yilgi Vazir jamg‘armasidan ustama oluvchi nomzodlar joriy yilgi malaka sinovlari ishtirokchilari orasidan tanlab olinadi. Shunday ekan, bu yil o‘tkaziladigan malaka sinovlarida faol ishtirok eting.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-iyun oylarida o‘tkaziladigan attestatsiyada ishtirok etish uchun yuborilayotgan murojaatlar:
➖ Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedkadr.uzedu.uz platformasi;
➖ Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz/uz);
➖ Davlat xizmatlari markazlari orqali 2025 yil 1 martga qadar qabul qilinadi.