Joylarda maktabgacha ta’limga qamrov bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etildi
2025-02-12 18:00:00 / Yangiliklar

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida keltirilgan sohaga doir vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik mas’ullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari, Pedagogik mahorat markazlari rahbarlari, “Direktorlar kengashi” a’zolari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tar ekan, bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov ishlari barcha hududlarda ham birdek olib borilmayotgani, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Bu borada Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari yig‘ilishda atroflicha tahlil etildi. Xususan, hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kadrlar salohiyatini oshirish, pedagoglar malakasini boyitish, qamrov darajasini ko‘paytirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar qayd etib o‘tildi.
Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda, mas’ullarga maktabgacha ta’limda xususiy sektor ulushini kengaytirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda “Ilk qadam” dasturi doirasida tayyorlangan elektron kontentlardan keng foydalanish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat samaradorligini oshirish, bolalarni bog‘chaga qabul qilishdagi shaffoflikni ta’minlashda “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimining o‘rni va ahamiyati haqida alohida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda joriy yil o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan PISA 2025 tadqiqotiga texnik tayyorgarlik ishlari ham atroflicha muhokama qilindi.
Aytilganidek, tadqiqotda qatnashish uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tasodifiylik tamoyili asosida yurtimizdagi 233 ta maktab tanlab olingan hamda ulardagi 9 050 nafar o‘quvchi tadqiqotlarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan belgilangan maktablarda olib borilayotgan texnik tayyorgarlik ishlari bo‘yicha mas’ullarning axborotlari tinglandi.
Maktablarni tadqiqot jarayonlarida kamida 300 Mbit/s internet bilan ta’minlash, PISA 2025 tadqiqoti fan yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglar uchun treninglar hamda o‘quvchilar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida keltirilgan sohaga doir vazifalar ijrosi bo‘yicha ham fikrlar bildirib o‘tildi.
Jumladan, joriy yilda maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 78 foizga, jumladan 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimiga qamrov darajasini 98 foizga yetkazish, bunda ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yangi baholash tizimi joriy qilingan maktablar sonini 3 000 taga yetkazish, ushbu maktablarga ixtisoslashtirilgan maktablarni biriktirgan holda pedagoglar uchun seminar-treninglar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Mas’ullarga har bir belgilangan topshiriqqa jiddiy yondashish, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir so‘nggida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.